+998(71) 245-34-05

“BIZ O’ZBEKISTONGA BEFARQ EMASMIZ”…

15.04.2020

AQSH va Kanadadagi o’zbeklarning tashabbusi haqida

Koronavirus pandemiyasi butun dunyo xalqlari, millatlarni yana jipslashtirgani sir emas. AQSH va Kanadadagi bir guruh vatandoshlarimiz O’zbekistonda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash ishlariga ko’mak berish maqsadida O’zbekiston “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga o’tkazish uchun mablag’ yig’ishayotgan ekan. To’g’risi, buni eshitgan har qanday inson o’sha minglab kilometr olisdagi yaqinlarimizning mehrini, e’tiborini his qiladi. Aslida, gap moddiy yordamda ham emas, ularning Vatandoshlik, birodarlik, yurtiga muhabbat singari insoniy munosabatlarni saqlab qolishga urinayotganida.

Biz asli O’zbekistonlik, Kanadada koronavirusga qarshi kurashayotgan shifokor Obidxon Mamadaliyev bu tashabbus haqida quyidagilarni gapirib berdi.

- Afsuski, bu virus O’zbekistonni ham chetlab o’tmadi. Avvalo, shifokor sifatida shuni aytishim kerakki, mamlakatimizda ko’rilayotgan chora-tadbirlar to’g’ri yo'nalishda boshlandi va davom etayapti. Dunyo olimlari qayd etganidek, qat’iy karantin choralarigina virus tarqalishini oldini olishi mumkin. Hozirda virus jahonning 205 mamlakatida mavjud. Insoniyat tili, dini, millatidan qat’iy nazar bir frontga jamlandi. Shu qatori biz Kanadadagi o’zbekistonliklar ham Vashingtondagi elchixonamiz tomonidan tashkil etilgan xayriya tadbiriga qo’shildi. Ochig’i men o’tgan hafta shu haqda o’ylab, unga tayyorgarlik ko’ra boshlagan edim. Juma kuni Vashingtondagi bosh konsulimiz Faxriddin Mo’minov “Biz O’zbekistonga befarq emasmiz” fondi tuzilganligini bildirdi. Men shu zahoti barcha ma’lumotlarni olib, Kanadaning Manitoba, Alberta, Britaniya Kolumbiya provinsiyalarida istiqomat qilayotgan o’zbekistonliklarga yetkazishni boshladim. Shu kunning o’zida o’zbek oilalaridan xayriya mablag’lari kelib tusha boshladi. Xususan, Albert provinsiyasining Red Diir shahrida yashovchi Rasul Majidovlar oilasi, Dilsora Fozilova va bir guruh vatandoshlarimiz bu tashabbusga qo’shildi. Oilam, tibbiyot oliygohi talabalari bo’lgan farzandlarim ham bunga o’z hissalarini qo’shishdi. Hozirga qadar taxminan 150 kishidan 21 000 $ miqdorida mablag’ yig’ildi. Biroq, hali bu davom etadi. Yig’ilgan mablag’lar “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga o’tkazib beriladi.

Albatta, bu fond tashabbuskorlari Vashingtondagi elchi janoblari va boshqa mutasaddilarga minnatdorlik bildirmoqchiman. Ochig’i, bu tashabbus shu yerda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni ham yanada jipslashtirdi, yaqinlashtirdi. To’g’ri, homiylik mablag’lari u qadar katta bo’lmasligi mumkin, lekin,eng muhimi yurtdoshlarimiz ularga befarq emasligimizni, mehr va e’tiborimizni sezishsa bo’lgani. Chunki, bunday kunlarda ruhiy dalda hammasidan ustun. Biz O’zbekistonga befarq emasmiz!

 

P.S.

Shu o’rinda bir jihatga e’tibor qaratmoqchimiz. Xorijdagi va hatto yurtimizdagi ayrim vatandoshlarimizda yig’ilayotgan homiylik mablag’lari qanday sarflanayapti, u qay darajada shaffof degan savollar tug’ilishi tabiiy. Albatta, o’rinli savol. Birinchidan, “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga kelib tushayotgan pullar Sog’liqni saqlash vazirligi va tegishli tashkilotlar tomonidan doimiy nazorat qilinadi. Qolaversa, fondning vasiylik kengashi a’zolari ham jamoatchilik nazoratini o’rnatgan. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari, xususan, Xalqaro press klub, O’zbekiston 24 teleradiokanali, AOKA tomonidan o’tkazilayotgan brifinglarda, Koronavirus info rasmiy telegram kanali hamda yetakchi saytlarda kelib tushgan va xarajat qilingan mablag’lar haqida kunlik ma’lumotlar berib borilmoqda.